Войти

Oila. Farzandlar. Sevimli kasb. Karera. Go‘zal tashqi ko‘rinish. Hammasiga qanday ulgurish mumkin?

Ayollar erkaklarga qaraganda ikki barobar (balki undan ham ko‘proq) mehnat qilar, ko‘proq kuch sarf etar ekanlar. Chunki, ham jamiyatimizda faollik ko‘rsatib kelayotgan mas’uliyatli xodim, ham munosib oila bekasi, rafiqa bo‘la olgan, ona, shuningdek, ustozlik maqomiga ega ayollarimizni yetarlicha uchratishimiz mumkin. Shunday ayollarimizdan bir nechtasiga quyidagi savol bilan murojaat qilib, ularning muvaffaqiyat qozonish “sekret”larini bilib olishga harakat qildik:

Uy-ro‘zg‘or ishlari, ishxonadagi vazifalar, farzandlar tarbiyasi bilan birga qo‘shimcha mashg‘ulotlarga ham qatnaysiz. Bundan tashqari, tashqi ko‘rinishingizga e’tibor berishga, o‘zingizga qarashga ham vaqt ajrata olasiz. Bularning barchasiga QANDAY ULGURASIZ?

Zulfizar Karimova (O‘zMU Xorijiy filologiya fakulteti katta o‘qituvchisi ):

Zulfizar Karimova - ayol.uz

- To‘g‘risi, hech qachon savolingiz haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman: «Hammasiga qanday ulgurasiz?». Hammasi oddiy: hayot tarzim shunaqa. Uy qo‘rg‘onimning qo‘riqchisi sifatida, men uyimning tozaligi, qulayligi va komfortligiga e’tibor berishim shart. Qo‘rg‘onim vakillarini mazali va noodatiy taomlar bilan siylashni juda ham yoqtiraman. Ikkita ajoyib farzandlarimning onasi sifatida ularga g‘amxo‘rlik qilaman, ularning sog‘ligi va tarbiyasiga e’tibor berib boraman. O‘qituvchi sifatida talabalarga bilim va tajribalarimni ulashaman. Mashg‘ulotlarimda doim yangi va foydali narsalar o‘rgatishga harakat qilaman. Ayol sifatida esa o‘zimga oro bermasdan yoki yomon ko‘rinib yurishni o‘zimga ep ko‘rmayman. O‘ylaymanki, jamiyatimizda oilali, farzandli bo‘lishiga qaramay, yaxshi karera qilayotgan, barchasida muvaffaqiyat qozonayotgan zamonaviy ayollar ko‘p. Barchasi insonning o‘z xohish va tashabbusiga bog‘liq. Qanday ulgurishim borasida o‘zimning sirimni oshkor etishim mumkin: bolaligimda ota-onam menga hamma narsani rejalashtirish va vaqtimni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgatishgan. Buning uchun ulardan juda minnatdorman. Bu menga haligacha qo‘l keladi. Butun kunimni diqqat bilan rejalashtirishga harakat qilaman, bunda oilamga, ishimga bir xil vaqt ajrataman, O‘z ustimda ishlashni ham kanda qilmayman. Umuman olganda, men o‘z oilasini, ishini va hayotining barcha qirralarini sevuvchi oddiy va baxtli ayolman.

Zuhra Aminova (Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti o‘qituvchisi):

Zuhra Aminova - ayol.uz

- Mening yosh farzandim bor. Shuning uchun aniq reja tuza olmayman. Umumiy bugun nimalar qilish kerakligini reja qilaman, lekin qachon, soat nechchida qilishimni bilmayman. Bolam yig‘layaptimi yoki qorni ochdimi, albatta, birinchi bo‘lib unga g‘amxo‘rlik qilaman. Kunimning 60% ini farzandim oladi. Uyda ishlarimni shovqinda qilishga o‘rganishga majbur bo‘ldim. 3 joyda ishlayman. Ayollar, ayniqsa, ishli ayollar hammasiga ulgurishga majbur. Har bir daqiqadan unumli foydalanish orqali erishish mumkin bunga. Ba’zan topshiriqlarni bajarmagan talabalarni ko‘rsam, hayron qolaman: hali oila qurmagan, ro‘zg‘or tashvishi bo‘yniga tushmagan, farzandi yo‘q, biror joyda ishlamaydi. Ular o‘zlarini majburlab buni qilishim kerak, uni qilishim kerak, demaydi. Ilm olishga, dars qilishga imkoniyatlari katta, vaqtlari ko‘p, lekin qilishmaydi. Shu narsa meni hafa qiladi.

Men faqat bitta ishda ishlagan (u ham yarim stavka edi) vaqtlarimda, uyda faqat uy ishlari va farzandim bilan kunim o‘tardi. Vaqtim bemalol, erkin bo‘lishimga qaramay, o‘qishga, bilimimni yanada oshirishga o‘zimni majbur qilish yoqmasdi. Bundan shunday xulosa qildim: qanchalik band bo‘lsak, shunchalik o‘qishga intilamiz, samarali o‘rganamiz, yaxshi o‘qiymiz. Mas’uliyat va majburiyat vaqtimizni to‘g‘ri taqsimlashga undaydi. Talabalarim orasida oilali, farzandli ayollar anchagina. Shunga qaramay ular ingliz tilini o‘rganishga kelishadi. Turmushga chiqqach, oila – ayollar uchun doim birinchi o‘rinda turishi kerak, keyin o‘qish va ish. Barchasini birgalikda olib borish, qiyin, albatta. Lekin eplasa bo‘ladi.

Nozima Muratova (O‘zMU Jurnalistika fakulteti katta o‘qituvchisi):

Nozima Muratova - ayol.uz

- Dastavval, murojaat uchun va shuni sezganingiz uchun tashakkur. Barchasiga ulgurishning ilojisi yo‘q, aslini olib qaraganda. Ammo to‘g‘ri rejalashtirilgan kun tartibi imkon qadar ko‘proq ishni uddalashga imkon beradi. Men 30 dan oshgan, 2 farzandning onasi, ish va uy-ro‘zg‘or tashvishlari bilan ovvora ayolman. Oilali bo‘lganimdan keyin barchasiga ulgurish men uchun asosiy muammoga aylandi, sababi kasbimga qiziqishim doim yuqori bo‘lgan, shuning uchun uy ishlari men uchun ikkinchi darajali edi, tanlash imkoni bo‘lganda, albatta, birinchisi men uchun asosiy hisoblanar edi. Ammo hayot inson xarakterini shunday to‘g‘irlab, e’tibordan chetda qoldirgan narsalarni aslida juda muhim ekaniligini ko‘rsatib qo‘yar ekan. Shuni tushundimki, ayolning xotirjamligini o‘z vaqtida bajarilmagan va oxiriga yetkazilmagan ishlar o‘g‘irlaydi. Ayol qachon hamma narsani o‘z o‘rnida va o‘zi xohlaganidek bajarilganini bilsa, u xotirjam bo‘ladi va atrofdagilarga yaxshi kayfiyat va tabassum ulasha oladi. Qolaversa, ota-onadan farzandlar ibrat olishini bilgan holda, o‘z ustimda jiddiy ishlashga kirishdim. O‘zim uchun yangi tartib o‘rnatdim:

1. Birinchi galda uy ro‘zg‘or ishlarini ortiqcha tashvish, yoki ikkinchi darajali ish emas, aqliy mehnatdan dam olish uchun imkoniyat va har kuni qat’iy ravishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan faoliyat deb qarayman. Bilasizmi, uy ishlari bilan shug‘ullanish uchun har kuni alohida vaqt ajratishni o‘zimga talab qilib qo‘yganman. Shunda to‘planib qolgan kirlar, dazmol qilishga muhtoj kiyim-kechaklar asabingizni buzmaydi. Aksincha, bu ishlar orqali dam olishni o‘rgandim. Bunga ko‘pincha, barvaqt ertalab, hamma hali uxlab yotganda yoki kechqurun, farzandlarimni uxlatib vaqt ajrataman. Ammo shuni ta’kidlashim kerak: ishlaydigan ayollarning ro‘zg‘or ishlarini yengillashtirishda maishiy texnika (kir mashina, mikrovolnovka, yaxshi gaz plitasi, mikser, changyutgich, dazmol...) katta rol o‘ynaydi. Bular bizning birinchi yordamchilarimiz.

2. Xarakterimdagi ratsional yondashuv katta yordam beradi. Masalan, dazmol qilayapmanmi, parallel ravishda bolalarni dars qilish vaqti, ingliz tilimni yaxshilash uchun audio tinglashga mo‘ljallayman. Chunki dazmollash – mexanik ish, aqliy mehnatni talab etmaydi, shuning uchun, qo‘lim ham, miyam ham harakatda, bir-biriga xalaqit bermagan holda ishlaydi.

3. Televizor ko‘rishdan imkon qadar voz kechaman. Chunki bu vaqtning eng katta o‘g‘risi. Uning o‘rniga qiziq biror kitobni qo‘lga olib, bir nechta sahifa o‘qishni ma’qul ko‘raman. Juda bo‘lmaganda, ovqatlanish mahali ko‘rishim mumkin.

4. Uyda farzandlar bilan dars qilish, birga vaqt o‘tkazish uchun ham alohida vaqt ajratish kerak. Bu jarayonda ona yaxshi kayfiyatda, charchoqdan holi bo‘lishi lozim. Men buning uchun maktab yoki bog‘chadan kelayotganimdayoq ishdagi holatimdan uydagi xotirjamlik holatiga moslashib kelaman. Bir vaqtning o‘zida ikkita narsa haqida o‘ylay olmaymiz, bu aniq, sinab ko‘rishingiz mumkin. Shuning uchun, bolalar bilan birga bo‘lgan payt ularning tashvishlarini, uy vazifalarini bajarishga harakat qilamiz. Ya’ni ishlarni muhimligiga qarab saralashni odat qilganman.

5. Ishxonadagi tashvishlar, bajarilmagan ishlarni uyga olib kelmaslik ham juda muhim ekan. Shunday holatlar bo‘lgan: ishdan qaytganda uyda ham telefon qo‘ng‘iroqlari, kompyuter, qog‘ozlar, hisobotlar, jadvallar va hokazolar. Natijada oilamdagilar uyda onasini va rafiqasini emas, xayolan hali ham ishdan qaytmagan “o‘ta ma’suliyatli” xodimni ko‘rishardi, uyda ham ish davom etardi, boshqacha aytganda. O‘ylab qarasam, buning sababi ish vaqtini noto‘g‘ri rejalashtirish ekan. Demak, xulosam, bugun, ertaga, bir oydan keyin bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni bir kunga, bir vaqtga emas, hammasini muddati bo‘yicha rejalashtirib chiqish kerak. Shunda ham tartib o‘rnatiladi, ham bariga ulgurish mumkin.

6. Men yangilik olmasdan, bir narsani o‘rganmasdan yashay olmayman. Shuning uchun ingliz tili kabi doimo o‘z ustida ishlashni talab etadigan mashg‘ulotlar menga kerak va unga vaqt ajrata olaman. Qolaversa, bu orqali kasbiy faoliyatimda yangi imkoniyatlar ochiladi. Shuningdek, foydali mashg‘ulotni qiziqarlisi bilan bog‘lashga imkon beradi.

7. Kasbim talabiga ko‘ra, doim konferensiya, seminarlarda ishtirok etishga to‘g‘ri keladi. Doklad, ma’ruzalarga tayyorgarlik uchun ham alohida vaqt ajrataman. Chunki bu o‘z ustimda ishlashga imkoniyat. Har hafta kamida o‘z sohamga oid yangi material olishga, darsda ishlatish uchun qo‘shimda manbalar topishga harakat qilaman. Bunga juda ko‘p vaqt sarflamayman, ammo bajonidil izlanaman. Fayllarni tartiblash – keyin ularni saralashga imkon bo‘lganda vaqtni tejashga imkon beradi.

8. Ayol kishi uchun o‘ziga qarash – eng vaqt qizg‘anadigan ishlardan. Uning o‘rnida boshqa narsalarni bajarishni ma’qul ko‘ramiz ba’zida. Chunki doimo vazifalarimiz ko‘p, bajariladigan ishlar ro‘yxatida ular yoki oxirgi o‘rinda, yoki qo‘shimcha, “ulgursam qilaman” degan ro‘yxatda turadi. Lekin shunga qaramay, ko‘zguga qaraganda o‘zimizga yoqishni, go‘zal, chiroyli chehrani ko‘rishni doim xohlaymiz. Bunga erishish ham alohida mehnat talab qiladi. Biz o‘zimizga vaqt ajratishga ham odatlanishimiz kerak. E’tibor bersangiz, buning uchun kuniga 30 minutdan ortiq vaqt sarflanmaydi. Erta tongdan horg‘in emas, balki chaqnab turgan ko‘zlar butun kun davomida o‘zingizning ham, atrofdagilar kayfiyatini ham ko‘taradi. O‘zimizga yoqish – salohiyatimizni yanada oshiradi, kayfiyat bag‘ishlaydi, hamma narsani uddalay olaman, degan hisni uyg‘otadi. Bu juda muhim! Har kungi makiyaj va soch turmagidan tashqari, har kuni 30 minut o‘zingizga qarash uchun reja qiling: yuz parvarishi, soch parvarishi, tirnoqlar, ertalab va kechqurun, albatta, qilinishi kerak bo‘lgan go‘zallik jarayonlari. Buni uyda yoki salonda amalga oshirish mumkin. Keyin ortga qaytarish qiyin bo‘lmasligi uchun ham o‘zimizga e’tibor qaratishni vaqtida boshlash o‘ta muhim.

9. Kundalik ishlar, haftalik tartib, bir oy uchun rejalarni yozib borish odati – bizga bajarishimiz kerak bo‘lgan ishlarni unutmasligimiz va aqlimizga vazifa qo‘yishga, uni tartiblashga ko‘maklashadi. Dastlab hamma ishlarning ro‘yxatini tuzish, so‘ng ularni vaqt bo‘yicha ajratib chiqish kerak. Kun yakunida yana shu ro‘yxatga murojaat etib, qilinmay qolganlarini yangi kun rejasiga kiritish kerak. Bunday tartib kun davomida ketma-ketlikni hamda intizomni saqlashga yordam beradi, ulgurmaslik natijasidagi stress va asabuzarliklardan holi etadi.

Aynan mana shu o‘zimga qo‘ygan tartib va talablarim barcha ishlarga ulgurishim uchun menga katta yordam beradi.

Gulruxsor Xudayberdiyeva suhbatlashdi.

135

Оставить комментарий


Пожалуйста, авторизуйтесь на сайте любым удобным способом, чтобы оставить комментарий



uCoz