Войти

Uy sharoitida manikyur qilamiz

To‘g‘ri parvarish qilingan tirnoqlar ayollar uchun nafaqat yaxshi tashqi ko‘rinish balki shaxsiy gigiyena talablaridan biridir. Qo‘llar va tirnoqlar ozoda ko‘rinishga ega bo‘lishi uchun haftada bir marta manikyur qilib turish kerak. Buni har qanday go‘zallik salonida o‘z ishining ustalari bajarishi mumkin, biroq hammada ham buning uchun imkoniyat yoki vaqt topilmasligi mumkin. Manikyurni uy sharoitida mustaqil ravishda qilish unchalik qiyin emas, buning uchun ba’zi tavsiyalarga amal qilsangiz kifoya.

Manikyur uchun quyidagi vositalar kerak bo‘ladi:

  • atseton
  • dengiz tuzi yoki oddiy osh tuzi
  • limonli efir moyi
  • o‘simlik yog‘i
  • qaychi
  • kutikulani olish uchun maxsus asbob
  • >egovcha (pilka)
  • qo‘l uchun krem
  • rangli tirnoq bo‘yog‘i (lak)
  • shaffof tirnoq bo‘yog‘i

Kosmetik protsedurani tirnoqlardagi bo‘yoqni o‘chirib tashlash bilan boshlaymiz.

Foto 1

So‘ng tirnoqlarimiz uchun maxsus vannacha tayyorlaymiz. Buning uchun tog‘orachaga issiq suv solib, unga 2—3 osh qoshiq o‘simlik yog‘i, 2 osh qoshiq dengiz tuzi yoki oddiy osh tuzi va bir necha tomchi limonli efir moyi qo‘shamiz. Tirnoqlarni ushbu aralashmaga 10 daqiqacha solib turamiz.

Foto 2

Bunday vannaning tirnoqlar uchun foydasi ko‘p: o‘simlik yog‘i tirnoq atrofidagi terini yumshatib, tirnoqlarni turli vitaminlar bilan ta’minlasa, tuz ularni mustahkam qiladi; limonli efir moyi esa sarg‘aygan tirnoq plastinkasini oqartiradi.

Endi maxsus kurakcha yoki uchli tayoqcha yordamida tirnoqning teriga yopishgan qismlaridagi kutikulalarni teri tomonga itarib chiqamiz.

Foto 3

Tirnoq atrofidagi dag‘allashib, ajralib chiqib qolgan teri bo‘lakchalarini qaychi yordamida ehtiyotkorlik bilan olib tashlaymiz.

Foto 4

Tirnoqlarga shakl berishda egovchadan foydalanamiz. Agar tirnoqni ancha kaltalatmoqchi bo‘lsangiz, avval qaychicha yordamida kesib chiqing, so‘ng egovcha bilan ishlov bering. Tirnoqni egovlashda, egovni bir tomonga qarab yo′naltiring, shunda tirnoqlar qat-qat bo‘lib ko‘chmaydi.

Foto 5

Endi tirnoqqa bo‘yoqni sursa ham bo‘ladi. O‘zingiz ma’qul ko‘rgan rangdagi lakni olib, uni tirnoqqa avval bir qavat qilib, u qotgach, yana bir qavat qilib surib chiqing.

Foto 6

Bo‘yoq to‘liq qotgach, ustidan shaffof lak surish tavsiya etiladi, bu lak tez o‘chib yoki ko‘chib ketmasligini ta’minlaydi.

Foto 7

Manikyurning yakunlovchi bosqichi qo‘llaringiz uchun oddiy qo‘l kremidan niqob qilishdan iborat. Buning uchun qo‘llaringizga kremni qalingina qilib surib, 5—10 daqiqa ushlab turing, so‘ng sochiqcha bilan artib tashlashingiz mumkin.

Tirnoqlar parvarishi bo‘yicha kichik tavsiyalar:

  • Tirnoqlaringizda paydo bo‘lgan oq dog‘chalar organizmingizda vitamin va minerallar yetishmasligidan darak beradi. Ko‘p hollarda kalsiy preparatlarini qabul qilish orqali bunday muammolarga barham berish mumkin.
  • Tirnoqlaringiz o‘ta sinuvchan va ko‘chuvchan bo‘lib qolsa, ular uchun dengiz tuzi qo‘shilgan iliq vannachani 2—3 hafta davomida har kuni qabul qilish tavsiya etiladi.
  • Lak va atsetondan ko‘p foydalanish natijasida tirnoq plastinasi mo‘rt bo‘lib qolishi mumkin. Bunday hollarda ozuqaviy kremdan kompress qilish yoki yog‘ qo‘shilgan vannachalar qabul qilish yordam beradi.
  • Tirnoq plastinasi sarg‘ayib qolgan bo‘lsa, uni limon sharbati bilan artish maslahat beriladi.

139

Оставить комментарий


Пожалуйста, авторизуйтесь на сайте любым удобным способом, чтобы оставить комментарий



uCoz