Войти

To‘ylar haqida o‘ylar

Dunyodagi ko‘p xalqlar qatori biz – o‘zbeklarda ham azaldan oila va nikoh muqaddas sanalib, e’zozlangan. Shu bois o‘zbeklar doimo to‘ylariga alohida e’tibor berganlar. Ajdodlarimiz nikohni Olloh buyurgan shariat qoidalariga qattiq rioya qilgan holda o‘tkazishga intilganlar. To‘y rasm-rusmlari ham nikohni, oilani mustahkamlashga qaratilgan. To‘ylar xalqni ma’naviy-ruhiy tomondan tarbiyalovchi vosita bo‘lgan. Chunki to‘ylarda xalq og‘zaki ijodi – laparlar, termalar, millliy raqs san’ati, qo‘shiq san’ati ham ravnaq topgan. Keyingi yuz yillikda o‘zbeklar hayotidagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar, yurtimizning rus iste’lochilari tomonidan bosib olinishi va ular olib brogan ruslashtirish siyosati xalqimizning muqaddas an’analariga, jumladan, to‘ylarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Ota bobolarimiz asrlar davomida rioya qilib kelgan an’analar, rasm-rusmlar unutila boshladi, shariat ahkomlariga rioya etilmay qo‘yildi.

XX asrning 60-yillarida, avvalo “qizil to‘y”, keyinroq “komsomolcha to‘y” deb nomlangan “yangicha” to‘ylar paydo bo‘ldi. So‘ngra bu to‘ylar “bazm” deb atala boshladi. Bunday to‘ylarda Islom dini tomonidan harom deb ta’qiqlangan spirtli ichimliklar iste’mol qilindi. Oqibatda xalqimizning imoni sustlashdi, ruhi o‘tmaslashdi, o‘zi jismonan zaif va ojiz bo‘lib qoldi. Ustiga-ustak erkak va ayollarning tunda, bir dasturxon atrofida o‘tirib mayxo‘rlikka, o‘yin-kulgiga berilishlari ular orasidagi ilohiy pardani – hayo va iffat pardasini olib tashladi. Xalqimiz orasida tarixda kuzatilmagan zino, fahsh kabi xorlikka eltuvchi ishlar sodir bo‘la boshladi. Ba’zilar esa to‘qlikka sho‘xlik qilib kim o‘zariga, sendan men kammi zayilida ish tutishi oqibatida isrofgarchilik kabi illatlarning avj olishiga sababchi bo‘ldilar.

Dong‘i ketgan san’atkorlarni yollash, maxsus baqirtirgichlar o‘rnatib to‘yning ovozini yeti mahallaga eshittirish xalqning ijodkorligini bo‘g‘di. To‘ylarda milliy kuy qo‘shiqlar, laparlar ijro etish, she’rxonilkar qilish, yor-yor, alyorlar aytish ko‘pincha unutildi. Shu tarzda to‘ylarimiz ming yillardan buyon bajarib kelgan ulug‘ vazifasini, ya’ni xalqning ijodkorlik qobiliyatini shakllantiruvchilik vazifasi barham topa boshladi.

Barchasining oqibatlarini aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi: oilaviy mojarolar, er-xotin orasidagi nizolar, qo‘ydi-chiqdilar, bolalarning tirik yetim qolishi, yetimxonalarning ko‘payayotganligi va hokazo… hokazo…. Bular nima? Qanday gunohlarimiz va xatolarimiz evaziga ko‘rayotgan ko‘rguliklarimiz bular? Axir, kamtarona va pokiza to‘ylar o‘tkazgan bizning ajdodlarimiz bunday fojealarni bilmaganlar-ku, bunay ishlarni o‘zlari uchun or bilganlar-ku?! Bugun o‘zligimizga qaytadigan davr kelmadimikan?

Mustaqillik davrida xalqimiz ijtimoiy xayotida, ijtimoiy-siyosiy qarashlarida tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Lekin, afsuski, to‘y rasm-rusumlarida ijobiy siljishdan ko‘ra, salbiy - nomaqbul odatlar ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Nikohning muqaddasligini anglash, uni pok saqlash, harom-xarishdan asrash o‘rniga latta-puttaga berilish, molu dunyoga, dabdabaga, hoyu-havasga hirs qo‘yish tobora avjiga chiqmoqda. Ijtimoiy hayotdagi iqtisodiy taqchillikka qaramay, to‘ylarni dabdabaga aylantirish, dasturxonga, sarpo va liboslarga hasham berish, kayf-safo, maishatga mukkasidan ketish kamayish o‘rniga kuchaymoqda. Bunday to‘ylar juda ko‘pchilikning joniga tekkan bo‘lsa-da, to‘ylarni boshqacha tartibda o‘tkazish uchun hech kimda iroda, qa’tiyat yetishmayapti.

Diniy e’tiqodlarga erkinlik berilishi aholi muayyan bir qismining shariat qoidalariga ko‘ra yashashlari uchun imkon tug‘dirdi. Turmush tarzimizga “islomiy to‘y” degan yangicha to‘y kirib keldi. Lekin, afsuski, islomiy to‘ydan ham kutgan ezgu umidlarimiz ro‘yobga chiqmayotir. Chunki hali diniy savodi uncha yuqori bo‘lmagan otinoyilar bunday to‘ylarni faqat va’zxonlikka, qur’onxonlikka, takbirxonlikka aylantirib yubordilar. Musiqa, qo‘shiq, she’rxonliklarni esa, “shaytonning nayrangi” deb qat’iy man etib, hali shariat ahkomlariga to‘liq rioya qila olmayotganlarning izzat-nafsiga tegadigan, ularni dindan bezdiradigan gaplarni ayta boshladilar. Bu esa, islomiy to‘y haqida xalqimiz orasida salbiy qarashlarni keltirib chiqarmoqda. Holbuki, payg‘ambarimizning hadislarida to‘yda musiqa chalish, qo‘shiq aytish, o‘yin kulgu qilish mumkinligi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Ijtimoiy hayotimizga bozor munosabatlarining kirib kelishi – biz hohlaymizmi, yo‘qmi – bugun bo‘lmasa ertaga to‘y o‘tkazish tartiblariga ham ta’sir etadi. To‘ylar bundan buyon tobora ixchanlashib, soddalashib borishi ehtimoldan xoli emas. Negaki, bozor munosabatlarining o‘ziga xos qonunlari, ya’ni narxlarning o‘sishi, kundalik iste’mol mollariga bo‘lgan ehtiyojlarning tobora oshib borishi bu ehtiyojlarni qondirish uchun ko‘proq mehnat qilishga majbur etadi. Bu esa, bozor iqtisodiyotining qonun-qoidalarini, ijtimoiy hayotning mohiyatini terangroq anglab yetish uchun imkon tug‘diradi, odamlarda mehnat va mashaqqat bilan topgan pulni to‘ylarda behuda sovurishga yo‘l qo‘ymaydi.

Ayni zamonda to‘y o‘tkazayotgan ota-onaga agar to‘y qilib tanish-bilishlarning ko‘nglini olishdan ham ko‘ra farzandining baxtli bo‘lib ketishi, o‘qiladigan nikoh hayrli, qurilajak oila mustahkam bo‘lishi muhimroq bo‘lsa, ular fikrimizcha, quyidagi uch qoidaga qattiq amal qilishlari lozim:

Avvalo, to‘yda spirtli ichimliklarni qo‘ymaslik. Chunki nikoh halollik va poklik ramzidir. Unga Olloh tomonidan harom etilgan narsa aralashtirilsa, halolga haromning kasri uradi va nikohning mustahkamligiga futur yetadi.

Ikkinchisi, ayol bilan erkakni bir joyga to‘plashga, birgalikda o‘yin-kulgu qilishga barham berish. Chunki bunda ko‘z zinosiga yo‘l qo‘yilad. Bu ham harom etilgan amaldir va nikohga salbiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir.

Uchinchisi, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, noz-me’matlarni, sarpo-sidralarni, qizning sepini oshirib-toshirmaslik. Chunki Olloh bunday holni suymaydi va bu harom amaldir.

Shu uch qoidaga rioya qilgan odam, shubhasiz, o‘z farzandiga va boshqalarga baxt ulashgan, yaxshilik qilgan, qurilayotgan yosh oila poydevorining mustahkam bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘ladi.

Xalqimiz orasida ichkiliksiz to‘y zerikarli bo‘ladi, bunday to‘yga borgandan bormagan afzal, degan aqida shakllangan. Vaholanki, to‘yga yeb-ichish, xursandchilik, kayf-safo uchun borilmaydi. To‘yga ikki yoshga oq yo‘l tilash, farzandlarini kamolga yetkazib, mustaqil hayotga yo‘llayotgan ota-onani, qavm-qarindoshlarini, yoru do‘stlarini muborakbod etish uchun boriladi.

To‘ylarda yangicha tartib, yangicha rasm-rusumlarni joriy qilishda mahalla qo‘mitalari, xotin-qizlar faollarining ta’siri kuchli bo‘lmog‘i zarur. Har bir mahallada iqtidorli ayollardan laparchilar, musiqachilar guruhini tashkil etish, to‘yni qiziqarli, bir umr esda qoladigan qilish uchun turli-tuman dasturlar tayyorlash, to‘y ishtirokchilarining faolligini oshirish yo‘llarini o‘ylab topish lozim.

Ayni kunda biz – o‘zbeklar shunday to‘ylarni joriy etishimiz lozimki, bu o‘zbekining o‘zining to‘yi, o‘ziga xos va o‘ziga mos milliy, o‘zbekona to‘yi bo‘lib dovrug‘i ketsin. Bu to‘ylar uning milliy qiyofasi, shavkati va or-nomusidan darak berib tursin; u bizning chinakam iftixorimizga aylansin.

Muallif: Hafiza Nasrulloh

262

Оставить комментарий


Пожалуйста, авторизуйтесь на сайте любым удобным способом, чтобы оставить комментарий



uCoz