Войти

Fitnes bilan shug‘ullanishda yo‘l qo‘yiladigan xatolar

Sportning sog‘lik va tashqi ko‘rinish uchun foydali jihatlari haqida ko‘p gapirilgan va har birimiz jismoniy harakat bilan shug‘ullanishimiz zarur ekanligini yaxshi bilamiz. Ko‘pchilik ayollar ortiqcha vaznga qarshi kurashishda samarali, qolaversa, qiziqarli bo‘lganligi uchun sportning fitnes shakli bilan shug‘ullanishni ma’qul ko‘radi. Shuningdek, fitnes yosh tanlamaydi va maxsus tayyorgarlikni talab etmaydi.

Fitnes — tanani hayotiy faollik bilan ta’minlabgina qolmay, kishining umumiy holatini ham yaxshilaydi, charchoq va asabiylikdan qutulishga yordam beradi.

Biroq, ba’zan muntazam mashg‘ulotlar ham kutilgan natijani bermaydi. Bunga yomon murabbiy yoki sizning qobiliyatsizligingiz emas, mashg‘ulotlarni bajarish davomidagi xatolar sabab bo‘ladi. Qanday xatolar sport bilan shug‘ullanishdan hafsalamizni pir qilar ekan?

  1. Mashg‘ulotlar rejimiga rioya etmaslik

Sport bilan shug‘ullanishga qaror qilgan ekansiz, birinchi navbatda bundan qanday maqsadni ko‘zlaganligingizni aniqlab oling. Aynan qanday natijaga erishmoqchi ekanligingizni belgilab oling. Shundan so‘ng maqsadga mos ravishda mashg‘ulotlarni rejalashtiring. Bunda tajribali murabbiydan maslahat olish ayni muddao hisoblanadi. Shundan so‘ng mashg‘ulotlar rejasiga qat’iy amal qiling. Mashqlarni o‘zbilarmonlik bilan bajarishga harakat qilmang, bundan faqat zarar qilishingiz mumkin.

  1. Mashg‘ulotlardan avval chigil yozuvchi mashqlarni bajarmaslik

Ko‘pchilik mashg‘ulotlardan avval chigilni yozuvchi mashqlar - razminkaga ko‘p ham vaqt ajratmaydi. Sportzalga kelgandan keyingi birinchi vazifangiz mushaklarni zo‘riqishga tayyorlab, maxsus razminkani bajarishdan iborat bo‘lishi lozim. Bunday mashqlar yurak urishi va nafas olishning keskin tezlashishi, hamda mashqlar davomida shikastlanishlarning oldini oladi.

  1. Haddan ortiq zo‘riqish

Ko‘pchilik organizm qancha ko‘p zo‘riqsa, shuncha tez ozadi yoki chiroyli mushaklar hosil bo‘ladi deb o‘ylaydi. Bu yanglish fikrlash aksincha sog‘liqning yomonlashuvi va achinarli holatlarni yuzaga keltiradi. Mashg‘ulotlar davomida o‘z kechinmalaringizga e’tiborli bo‘ling. Agar ko‘ngil aynishi, holdan toyish, bosh aylanishi yoki mushaklarda chidab bo‘lmaydigan og‘riqni his qilsangiz mashq bajarishni shu zahoti to‘xtating.

  1. Noto‘g‘ri nafas olish

Har qanday mashg‘ulot jarayonida to‘g‘ri nafas olish muhim hisoblanadi. Jismoniy zo‘riqishni nafas olish mashqlari bilan uyg‘unlashtirish mashg‘ulotlar samaradorligini oshiradi va qo‘yilgan maqsadga erishish jarayonini tezlashtiradi. Qaysi sport turi bilan shug‘ullanishingizdan qat’iy nazar, to‘g‘ri nafas olishning aniq me’yorlari mavjud.

  1. Suv ichish va suv muolajalari

Mashg‘ulotlar davomida va ular yakunlangandan keyin rioya etish lozim bo‘lgan muayyan cheklovlar mavjud. Bu birinchi navbatda suv ichishga ham taalluqlidir. Mashq bajarish jarayonida uni cheklangan miqdorda ichish lozim. Bundan tashqari, juda sovuq suv ichishdan tiyilish zarur. Aks holda bu tana haroratini juda tez tushirib, yurak bosimiga ta’sir qiladi.

Mashg‘ulotlardan so‘ng darhol issiq dush qabul qilish ham tavsiya etilmaydi. Salqin suv ostida yuvinish maqsadga muvofiq sanaladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan xatolarga yo‘l qo‘ymaslik orqali siz sport bilan shug‘ullanishdan ko‘zlagan maqsadingizga tezroq erishasiz!

Maqolani tayyorlashda "InFlora.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.

129

Оставить комментарий


Пожалуйста, авторизуйтесь на сайте любым удобным способом, чтобы оставить комментарий



uCoz