Войти

"Xonanda qizni badnom qilish istagidagi ayg‘oqchi..."

— Qo‘ying opa, men shuncha payt birga yurib, u kishining birorta egri qadamini sezmaganman, — dedi Abror Elmiraning gapidan ajablanib.

— Ukajon, ayol zotining makri qirq eshakka yuk bo‘ladi, degan gap bor. Sezdirmay, imi-jimida ish bajarish ayolning eng oddiy makrlaridan. Ikkalasi ham banda-ku, astoydil ko‘zlasangiz, pichoqqa ilinadigan nimadir topasiz.

— Baribir, ko‘nglim g‘ash, opa. Shu ish menga to‘g‘ri kelmas-ov. O‘shalar tufayli kun ko‘rib yurgan bo‘lsam. Yuziga qanday oyoq qo‘yaman?

— Nonsiz qolmaysiz, qo‘rqmang! Axir, sizga pul kerak-ku, to‘g‘rimi?

— Pul kimga kerakmas, opa?

— Ammo sizga juda zarur! Singlingizni boyvachcha oilaga uzataman, deb qarzdor bo‘lib qolganingizni bilaman! Yigit kishiga o‘xshab kesib gapiring: yo «ha», yoki «yo‘q!» deng-da. Sizning foydangizni o‘ylab taklif qilyapman, bir paytlardagi qadrdonlik haqi-hurmati. Bilasiz-u, pulga yuguradiganlar qadamda topiladi!

* * *

Abror Elmiradan nima qilish kerakligini yaxshilab so‘rab olgach, san’atkorlar guruhi bilan yo‘lga tushdi. Qaysidir tumanga to‘yga ketisharkan, Abrorning xayoli turli rejalar bilan band edi.

Shu payt mashinasi nimagadir «taq» etib urildi.

— Obbo, — dedi Abrorning joni halqumiga tiqilib.

— Nima bo‘ldi? — dedi guruh boshlig‘i Hakimjon beparvogina.

— G‘ildirakka bir narsa bo‘ldi, shekilli!

Abror mashinani bir chekkaga oldi-da, gapirinib g‘ildirakni tuzata boshladi.

— Hakimjon aka, chiroyli joylar ekan, qarang, — dedi so‘ng go‘yo o‘zini atrofdan zavq olayotgandek tutib. — Tushinglar, maza qilasizlar.

Hakimjon xuddi shu so‘zni kutib turganday mashina eshigini ochib, pastga sakradi. Sal nariroqdagi ko‘m-ko‘k maysalar bilan qoplangan adir tarafga yurdi. Adirdagi baland-past daraxtlar qiyg‘os gullagan, shom shu’lasida hammasi qizg‘ish-pushti rangda tovlanardi.

— Malika, siz ham tushing. Birpasga bo‘lsayam yayraysiz, — Hakimjon qulochini kerib, havo olgan bo‘ldi-da, mashinadagi qizni chaqirdi.

— Qo‘yavering, shu yerdan ham yaxshi ko‘rinib turibdi. O‘rnashib o‘tiribman, issiqqina, — dedi Malika mashina oynasidan boshini xiyol chiqarib.

«Ovozi qo‘ng‘iroqday, shunchaki gapirsa ham odamning yurak torlarini chertib o‘tadi-ya. Bekorga odamlar yaxshi ko‘rishmaydi-da, Malikani. Mana, shahar qolib, uzoq-uzoq tog‘ qishloqlaridan ham ixlosmandlari turnaqator bo‘lib uni yo‘qlab kelishadi. Hakimjon akamning tanburiga-ku oshiqlarning son-sanog‘i yo‘q. Ikkovi zo‘r juftlik bo‘ldi-da. Nega Elmira opa bularni ko‘rolmaydi? Tashqaridan qaraganda, Malika bilan apoq-chapoqdek. Har jumlasiga o‘nta «jonim» degan so‘zni qo‘shib gapiradi. Ammo mana bunday qasd qilishlari…» Abror dami chiqib ketgan g‘ildirakni olar ekan, necha kundan buyon miyasini qurtday kemirayotgan o‘ylaridan qutula olmasdi.

— Ixtiyoringiz, lekin tushsangiz, maza qilasiz! Pulga sotib oladigan havo bo‘lyapti, bir simirsangiz, ichingizdagi barcha g‘uborlar chiqib ketadi! — dedi Hakimjon maysalar orasidan bodrab turgan chechaklarni bosmaslikka harakat qilib odimlarkan. Malika bu gal bosh chayqab qo‘ya qoldi.

«Tushmadi. Tushganda yaxshi bo‘lardi. Hakimjon akamning qoni ko‘pirib turibdi. Betakror tabiat, ajoyib havo…. Lekin Elmira opa aytganidek, Malika juda makkor, shekilli?!. Balki, ataylab qilar. Yoki rostdan shunchalik tozamikan? Unda nega Elmira mendan bunaqa iltimos qildi? Balki, Hakimjon akamning xotinining ishidir bu…» deya o‘yladi Abror ko‘z qiri bilan mashinadagi qizga qarab qo‘yar ekan. U ishini to‘xtab-to‘xtab qilayotgan bo‘lsa-da, butun borlig‘ini egallab olgan o‘y-xayollardan qutula olmas, ularni to‘xtatolmasdi.

Abrorning Hakimjonning xotini Fazilatdan gumondorligi bejiz emas edi. U ham Malika bilan opa-singilday ko‘rishsa-da, yuzidagi xotirjamlik ostida bir bezovtalik yashashini Abror yaxshi biladi.

«Malikaxon, siz borligingiz uchun akangizni bemalol yuboraman-da. Akangizga ishonaman-u, lekin hozir dunyoda yaxshi ham, yomon ham ko‘p. Ayniqsa, ayollar makkora bo‘ladi. Astoydil ip eshsa, har qanaqa erkakning burnidan o‘tkazib olishi mumkin», derdi Fazilat Malikaga bot-bot takrorlab.

Abror bunday paytlarda: «Nega Malika bunaqa gaplarni og‘ir olmaydi, jilmayib qo‘ya qoladi?» deb o‘ylaydi.

«Fazilat opa, eringizni menga ishonganingizdan emas, ilojsizlikdan yuboryapsiz. Chunki siz yaxshi yashashga o‘ch ayolsiz. Agar boshqa pul keladigan yo‘li bo‘lganida, eringizni hech qachon boshi ochiq qiz bilan to‘y-safarlarga yubormas edingiz», deya siltab tashlasa ham bo‘ladi. Lekin Malika bunday qilmaydi, tabassum bilan javob qaytarib qo‘ya qoladi. Ba’zan uning ana shu jonbaxsh tabassumi, kuldirgich yarashgan chehrasi, nolali ovozi Abrorning ham yuragini o‘rtab yuboradi. Lekin hatto Hakimjon akasi unga ikki-uch qadam uzoqdan turib muomala qilganda, Abrorga yo‘l bo‘lsin?!

Peshonasi va burniga qora tekkan Abror yelim idishdagi mineral suv bilan astoydil yuvinishga kirisharkan, ko‘z qiri bilan hamrohlarini kuzatayotib: «Balki, ular el ko‘zidan yiroq, ovloqroq biror joyda uchrashishar? Men bilmasman, Elmira bilar. Axir bir asosi bo‘lmasa menga shunday topshiriq bermasdi-ku!» degan o‘y o‘tdi xayolidan.

— Namuncha, kuyov bo‘lgani ketayotgan odamdek yuvinib-tarandingiz, Abrorjon? Yura qolaylik-da, endi. Qorong‘i tushyapti. Hademay o‘ngni chapdan ajratolmay qolasiz, — dedi Malika mashinadan turib. So‘ng Hakimjonga yuzlandi:

— Hakimjon aka, o‘zi siz tog‘begi bo‘ladigan odamsiz, yanglishib, sozanda bo‘lib qolgansiz, yura qoling endi!

Uning ovozi qo‘ng‘iroqdek jaranglardi.

«Doim shunaqa, yolg‘iz qolishga, ayniqsa, qorong‘ida Hakimjon bilan yonma-yon o‘tirishga imkon bermaydi. Hatto, mana shunaqa aylanma, baland-past yo‘llarda kimdir yo‘lboshlovchilik qiladigan bo‘lsa, darrov o‘zi oldinga o‘tib oladi».

Mashina yo‘lga tushdi hamki, Abrorning xayoli bir joyga jam bo‘lmasdi. Hakimjon og‘zida sho‘x bir kuyni chalib ketar, Malika esa sas-sadosiz o‘tirardi.

— Abrorjon, biron narsadan bezovtamisiz? — bexos so‘radi Hakimjon.

— Yo‘g‘-ey, o‘zim, shunday…

— Fikringizni jamlang-da, ukam, tepaga chiqyapmiz axir!

«Endi omadim chopay deganda ishni eplolmayapmanmikin yoki?! Nega ular bunchalik sipo, bir-birlariga talpinmaydi? Qarzimdan qutulardim-da!» To‘yda ham Abrorning xayoli o‘zida emasdi.

…Chiroyli o‘tgan to‘ydan so‘ng to‘y egasi san’atkorlarga alohida ziyofat qilib berdi. Yigitlar qatori Abror ham ozgina kayf qildi. Uning nazarida, Malika ham ichgandek ko‘zlari suzilib, yuzi lolalanayotgandek tuyildi. «Ishqilib, ziyofatdan so‘ng o‘ziga dugona topib olmasin-da. Hakimjon ikkalasi allaqayerda hozirlab qo‘yishgan qo‘lbola mehmonxonaga borishsin-da, Hakimjon akaning Malikaga suqlanib-suqlanib qarashidan sezib turibman. Bugun mening omadim keladi».

Abror piyolaga yana quyib uzatayotgan kosagulning qo‘lini qaytardi:

— Bo‘ldi, ichmayman, ishlarim bor!

Birdan shunday dedi-yu, atrofdagilarga qaradi. Doirachi, naychi, g‘ijjakchi yigitlarning hech biri mast emas, lekin yuz-ko‘zlari charaqlab turardi. Axir kimsan, taraqa-turuqlarsiz, faqat milliy cholg‘ular bilan ashula aytadigan guruh a’zolari emasmi, mast-alastlikni yoqtirishmasdi ular. Hamma xursand. Hech biri Hakimjon aka bilan Malikaga ayg‘oqchilik qilmayapti ham. Faqat Abror bezovta edi.

— Qani, turdik, yigitlar! Saharlab uyg‘onishimiz kerak. Ketma-ket ikkita oshni o‘tkazamiz, ataylab biz kelishimizga to‘g‘rilashgan axir! — dedi Hakimjon fotihaga qo‘l ko‘tarib.

Abrorning xayoli esa hamon o‘ziga topshirilgan ishda edi.

… Ana, Malikaga hech bir ayol ilashmadi, mashinaning oldiga o‘tirdi. Orqaga Abror bilan Hakimjon. Yo‘lboshlovchi rulda. Malika odatdagidek kamgap, jiddiy qiyofada, u bor ehtiros va hayajonlarini qo‘shiqlariga to‘kkandek edi go‘yo. «Hali ko‘zimga ko‘ringan ekan-da, qattiq istaganim uchun uni mast, deb o‘ylabman. U esa yuziga hirsli, havasli boqqan birorta erkakka kiprigini ko‘tarmadi ham. Nega? Baribir, erkaklar uni toza deb o‘ylarmidi? Shuncha erkak bilan yuradi, kechalari qolib ketadi. Kamida Hakimjon akaning jazmani, deb o‘ylashadi. U esa… Nimaga kerak unga bu tozalik?! Umrining gul fasli o‘tib boryapti-ku, axir!» Abror hamon xayollari bilan olishardi.

— Xo‘p, Malikaxon, yaxshi dam oling. To‘qqizlarda sizga odam keladi…

Hakimjonning ovozi Abrorning qulog‘iga moydek yoqdi. U shuncha o‘y-xayol ichida ham o‘ziga kerak so‘zlarni topa olgandi. «Demak, ertalab Malikaning bir o‘zi qoladi. Agar tunda Hakimjon aka bilan hech narsa bo‘lmasa, ertalab o‘zim urinib ko‘raman. Elmiraga nima farqi bor? Kim bilan bo‘lsayam, Malika sharmanda bo‘lsa, bas-da!»

Yo‘ldayoq Abror avvaldan termosga tayyorlab solib qo‘ygan kofedan birvarakay ikki piyola ichib yubordi.

— Og‘ayni, biror joyda tungi qorovullikka yollandingizmi? — gap qotdi yigitlardan biri yotog‘iga kirib ketayotib.

Abror indamadi. U yo‘lboshlovchiga: «Menga iloji bo‘lsa, alohida joy qilib bering», deya shipshigandi.

Hamma xona-xonasiga kirib, chiroqlar o‘chganda ham Abror hushyor edi. «Hakimjon akam, albatta, bu kecha bir bor bo‘lsayam Malikaning xonasiga mo‘ralaydi. O‘sha fursatni boy bermasligim kerak». O‘zi shunday bo‘lishini qattiq istayotganidanmi, Abror yana boshqa xayollardan tonib, shu fikrga yopishardi. Nimadir «shit-shit»lagandek bo‘ldi. «Hakimjon akam!» degan o‘y urildi Abrorning miyasiga va sakrab o‘rnidan turib, eshikka bordi. Nimadir g‘iyqilladi, nimadir g‘ichirladi.

«Hakimjon akam sassizgina Malikaning xonasiga kirib ketdi chog‘i. Chiqishini poylayman, eshik ochilishida suratga olsam, biror narsani isbotlarmikan? Balki, Malika ham ko‘rinar. Bu endi omadimga bog‘liq».

Abror qator xonalar eshigi qaragan ayvonning bir burchagiga o‘tdi. Xuddi o‘g‘ri mushukka o‘xshab burchakka qiyalatib qo‘yilgan pastak javonni panalab o‘tirdi. Joy torligidan oyog‘i sig‘mas, tizzalarini goh yig‘ar, goh bukardi. Vaqt esa o‘tar, uning bellari qotib qolgan edi. Oyoqlari uvishdi. Asta turib, Malika yotgan xonaga bordi. Ayvonni fonar shaklidagi xira tunchiroq yoritib turardi. Eshikka qulog‘ini qo‘ydi, sas-sado yo‘q. «Hakimjon akamning xonasiga kirishdimikin?» Yana odimladi, yana quloq tutdi, jimlik. «Balki, shamol eshiklarni ochib-yopgandir, balki, mushuk bordir», deya o‘yladi Abror. Lekin u ilinj iplarini uzib ketolmasdi. Va’da qilingan pulni o‘ylaganida yuragi hapriqib ketardi.

Oradan qancha payt o‘tdi, bilmaydi. Shu payt birdan Hakimjonning ovozi eshitildi:

— Pod’yom, yigitlar!

Abror uni ko‘rib qolmasliklari uchun javon ortiga uzala tushib yotib oldi. «Hakimjon akam o‘z xonasidan chiqdi, demak, Malika o‘sha yerda, hammasi ketsin, o‘zim kiraman», degan xayoldan yuraklari gursilladi.

Yigitlar tapir-tupur chiqib ketishar ekan:

— Abror chindan qorovullikka ketgan ko‘rinadi, eshigi ochilmadi, — dedi kimdir.

— E, qo‘yaver, hali kun bo‘yi mashinada silkinadi, uxlasin! — dedi boshqasi.

Atrof jim-jit bo‘lib qolgach, Abror sekin o‘rnidan turdi. Avval Hakimjonning xonasini ochib ko‘rdi. Cho‘chibroq chiroqni yoqdi. Hech kim yo‘q. Borib yostiqlarni, sochiqni hidladi. Shoshib xonadan chiqdi. Malika yotgan xonaning eshigi oldiga borgach, birpas turib qoldi. «Ta’bi nozik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bostirib kirsam, bo‘lmas. Sal o‘zimga qaray», deya o‘z xonasiga kirdi. Atir sepib, sochlarini tuzatdi.

Xonasidan chiqib, yana eshik oldiga bordi. Barmog‘ini bukib, taqillatmoqchi bo‘ldi.

Uni tanigandan buyon ko‘zida qolgan lahzalarni qayta xayoldan o‘tkazdi. Biror marta na Hakimjon aka, na boshqaning oldida sochini yozmasligini o‘yladi.

— Biz teskari qarab turamiz, turmaklab olavering sochingizni, — deyishganda ham Malika bunday qilmasdi.

— Sochda jodu bo‘larmish. Bekorga tushgan sochni kuydirmaydilar, o‘zimdan emas, sizlardan qo‘rqaman, — derdi hazil-chin aralash.

Saratonning oftobida soy va anhorlardan o‘tishganida, yigitlar:

— Bitta tashlab chiqamiz, — deyishadi.

Malika uzoqroq ketadi yo mashinadan tushmaydi.

— Biz ham mashinaga chiqib, nari ketib turamiz, bitta sho‘ng‘ib chiqing, — deyishsa, Malika yana jilmayib qo‘yadi, xolos. Lekin biror marta suvga tushmaydi. Shuncha o‘tirishlar, ziyofatlarda birovga ortiqcha gap gapirishga izn bermagan. Hech qachon hech kimga qo‘pollik qilmaydi, ba’zan notanish odamlardan nojo‘yaroq hazillar eshitsa ham jilmayadi. Faqat siniqqina, o‘rtovchi jilmayish bu.

Malikaning nojo‘ya bir holatini suvratga olaman, deb cho‘ntagiga solgan telefoni Abrorning ko‘ksiga botgandek bo‘ldi. Qo‘liga olib, sindirgudek qattiq siqdi. Yana bir marta eshikka barmoqlarini cho‘zdi, lekin tekkiza olmadi. U ayol zoti pok bo‘lsa, loyqa suvni ham tiniqlashtirishi mumkinligini his etdi. Bu gal hech ikkilanmay oyoq uchida yurib, o‘z xonasiga qaytdi.
Qutlibeka RAHIMBOYeVA

151

Оставить комментарий


Пожалуйста, авторизуйтесь на сайте любым удобным способом, чтобы оставить комментарий



uCoz