Dangasalar uchun intellektni oshirishning 7 usuli

Добавлено: 01 Февраля 2020

Aqlli bo‘lish uchun ko‘p mehnat qilish kerakligini hamma biladi. Hech narsa qilmasdan aqlli bo‘lish ilojsiz. Ammo shunday zamonda yashayapmizki, intellektual salohiyatingiz baland bo‘lishi uchun oson usullardan foydalansangiz, vaqt va kuchingizni tejasangiz bo‘ladi. Quyida shu usullar haqida gapirib beramiz.

Telefon orqali til o‘rganing

Chet tilini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, ammo bunga vaqtingiz, pulingiz yo kuchli xohishingiz bo‘lmasa, o‘zingiz telefonda o‘rganishingiz mumkin. Oz-ozdan, kichik qadamlar bilan. Avvalo, telefoningizga bir nechta tilga oid bepul dasturni yuklab oling, har qanday filmni asl subtitrlar bilan tomosha qilishga harakat qiling; hatto telefon tilini ingliz tiliga (yoki sizga kerak bo‘lgan boshqa tilga) o‘zgartirishingiz mumkin. Til egasiday gapira olmaysiz va gaplashishingiz dargumon, axir til amaliyotga muhtoj. Lekin ko‘p so‘zlar esingizda qolishi aniq. Keyinroq, tilni o‘rganishga jiddiy qaror qilsangiz, bu osonroq kechadi.

Hujjatli filmlar tomosha qiling

Zerikarli mutolaa o‘rniga, sevimli mavzularingizdan biri bo‘yicha qiziqarli hujjatli filmni tomosha qilish – yangi narsalarni o‘rganish uchun eng yaxshi usul bo‘lsa kerak. Ammo divanda o‘tirish va film tomosha qilish uchun har doim ham ikki soat vaqt yo‘q. Texnologiya asrida yashayotganingizdan foydalaning – velosipedda, sport zalida yoki uy ishlarini bajarishda hujjatli filmni telefoningiz yoki planshetingiz orqali tomosha qiling. Ehtimol, bu zerikarli uy vazifasini bajarishni osonlashtirar.

Forumlardagi munozaralarda qatnashing

Aynan munozaralarda qatnashing, ayollar forumlarida emas – u yerda biron-bir foydali narsani o‘rganmaysiz. Siz uchun haqiqatan ham qiziq bo‘lgan narsalarni muhokama qiladigan forumni toping. Sharhlovchilari faol, aqlli va, hatto, muloyim bo‘lgan ko‘plab saytlar mavjud. Boshqa odamlarning nuqtai nazarini o‘rganish bilimlaringizdan tashqariga chiqishga yordam beradi. Yaxshi yozilgan, yaxshi o‘rganilgan javobni shakllantirish – bu mavzu bo‘yicha  bilimingizni oshirishning ajoyib usulidir.

Musiqa asbobi chalishni o‘rganing 

Musiqa asbobini chalish nafaqat miyani akkord va ritmlarni tanishga o‘rgatadi, balki matematika kabi fanlarni yaxshiroq o‘rganishga ham yordam berishi ma’lum bo‘ldi. Buni o‘rganish hech qachon kech emas. Musiqa tinglaganingizda, miyangizning bir necha sohalari faollashadi. Ammo musiqa asbobi chalayotganingizda, bu mashg‘ulot butun tanani mashq qildirishga o‘xshaydi. 

Yumor hissini rivojlantiring 

Kinoya qila oluvchilar aqlli bo‘ladilar. O‘tkir hazillarni do‘stingiz yoki hamkasbingiz bilan baham ko‘rish suhbatdoshning ham, tinglovchining ham ijodkorligini oshiradi. Gap shundaki, sarkazm ehtiyotkorlik bilan ishlatilganda, abstrakt (mavhum) fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi. Ammo haddan oshish kerakmas.

Gapirishdan ko‘ra ko‘proq tinglang 

O‘rtacha hisobda, bir kishi kuniga uchta yangi odamni uchratadi va bu butun umr davomida jami 80 000 kishidan ko‘proqni tashkil qiladi! Bu juda ko‘p. Har bir inson biror narsaning, sohaning mohir mutaxassisi. Ba’zida chinakam aqlli odam qiziqarli narsalarni bepul ham aytib beradi, bu sizga qachondir qo‘l kelishi mumkin. E’tiborsizlik qilmang. Ammo bazm qiroli bo‘lishingiz ham shart emas. Aslida, qancha kam gapirsangiz, shuncha ko‘p tinglaysiz va shuncha ko‘p natija olasiz.

Podkastlar va audiokitoblar tinglang 

Hozir hayot ritmi shunaqaki, kerak bo‘lsa bir oy bitta kitobni o‘qishga kamlik qiladi. Ammo kitoblarning audio versiyasi ham bor. Podkastlar ham ko‘p: tarix darslari, pazandachilik retseptlari, komediya, siyosat va hokazo. Xo‘sh, nega bunday qulaylikdan voz kechish kerak? Ularni istagan joyingizda tinglashingiz mumkin: ishga ketayotganda, qaytayotganda, ishingiz zerikarli  va oson bo‘lsa – ish vaqtida ham

406

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ