“Eshak go‘shti” mashmashasi: uni bilmay iste’mol qilganlarning hukmi qanaqa bo‘ladi?



2017 yil noyabr oxirlarida ko‘plab mahalliy internet saytlarida “Sharshara” nomi bilan chiqadigan go‘sht mahsulotlariga eshak go‘shti qo‘shilib sotuvga chiqarib kelishayotganligi rasmiy xabari tarqaldi, deb yozadi “Xalq so‘zi” gazetasi. Shundan keyin ayrim bozorlarda o‘lgan molning go‘shti ham sotilgani aytildi. Bu qilmishlari uchun aybdorlar tegishli jinoiy javobgarlikka tortildilar. Lekin bu go‘shtlarni bilmay iste’mol qilgan odamlarning hukmi qanaqa bo‘ladi?

Shu va shu singari savollarga javob tariqasida Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan o‘tkazilgan “Sarhisob — 2017” tanlovi g‘olibi Rahmatulloh Sayfuddinovning maqolasi havola etildi.

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Albatta, Alloh mening ummatimdan xatoni, unutilgan va majbur qilingan narsani kechirgandir”, dedilar”.

Ibn Moja rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga Alloh taolo tomonidan bo‘lgan ulkan marhamat haqida so‘z ketmoqda. Ya’ni, musulmon kishi beixtiyor sodir etgan gunohlari uchun javobgar bo‘lmasligi bayon etilmoqda. Bu hadis o‘zida ulkan ma’noni mujassam qilgandir. Insonning haqiqiy aybdor yoki aybdor emasligini aniqlashdagi katta va asl qoidani bayon etmoqda. Fuqaholarimiz ushbu hadisi sharifdan fiqhiy hukmlarni ishlab chiqishda keng foydalanganlar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida Alloh taolo u zotning ummatlaridan uch narsani kechib yuborganligi haqida bayon bermoqdalar.

  1. Xato, ya’ni bir narsani bilmasdan qilib qo‘yish. Misol uchun, bir ishni qilsa bo‘ladi, deb tushungan holda qiladi, keyin shariatda man qilinganligi ayon bo‘ladi. Shuningdek, bir niyat bilan qilsa, natija aksincha chiqadi. Misol uchun, ovlash maqsadida hayvonga otgan o‘qi odamga tegib ketishi mumkin. Bunga o‘xshash holatlarda inson xato qilgan bo‘ladi. Uning xatosi kechiriladi. Chunki bu narsa uning ixtiyoridan tashqari sodir bo‘ldi. Sodir etilgan xato Allohning haqqi bo‘lsa, butunlay kechib yuboriladi. Bandaning haqqi bo‘lsa, yengillashadi. Masalan, inson bir kishini xato tufayli o‘ldirgan bo‘lsa, oldingi misolda aytilganidek, hayvonga otgan o‘qi odamga tegib ketsa, qasos uchun o‘qni otgan kishi o‘ldirilmaydi, balki u o‘lgan kishi uchun xun to‘laydi.
  2. Unutish, ya’ni yodidan ko‘tarilib, taqiqlangan ishni qilib qo‘yish. Misol uchun, falon ishni qilmayman, deb qasam ichsayu, qasamini unutib, o‘sha ishni qilib qo‘ysa, gunoh bo‘lmaydi. Xato va unutish tufayli moddiy zarar yetkazilsa, to‘lanadi. Bir amal unutish tufayli bajarilmagan bo‘lsa, eslagan zahoti darhol uni bajarish lozim bo‘ladi. Misol uchun, birov namozni unutib qo‘ygan bo‘lsa, eslashi bilan darhol o‘qib oladi.
  3. «Majbur qilingan narsa», ya’ni bir odamni boshqalar kuch bilan majburan gunoh ishni qildirsa, majburlangan odamga gunoh bo‘lmaydi. Majbur qiluvchilar esa gunohkor bo‘ladilar. Majbur qilib ro‘zasini ochdirish, namoz o‘qitmaslik, dinga qarshi gaplarni aytdirish va boshqalar bunga misol bo‘ladi.

Shu bilan birga, majburlash majbur qilinayotgan odamning joniga yoki biror a’zosiga tahdid solishi shart. Bundan past darajadagi majburlash gunoh ishni qilaverishga yo‘l ochmaydi. Oylik maoshining kamayishi yoki ishdan bo‘shatilishi va shunga o‘xshash narsalar uzr hisoblanmaydi. Faqat o‘lim xavfi yoki tanasidagi a’zolaridan birining yo‘q bo‘lishi, mayib bo‘lishi kabi xavflargina shar’iy e’tibordagi majburlash hisoblanadi.

Go‘shti yeyilmaydigan hayvonlar haqida

Yeyilgan ozuqa inson vujudiga singib, o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Masalan, ba’zi dorilarni ichsangiz, Alloh u moddalarga bergan xususiyat tufayli tanadagi og‘riq qoladi, ba’zilari iste’mol qilinsa, asab o‘rniga tushadi va hokazo. Shuningdek, ba’zi ovqatlar issiqligingizni oshirib yuborsa, boshqasi sovuqligingizni oshiradi. Xulosa shuki, tanovul qilingan ozuqalar insonga har jihatdan ta’sir o‘tkazadi.

Tajribalilarning ta’kidlashicha, dunyoda erkagi urg‘ochisini qizg‘onmaydigan birdan-bir hayvon cho‘chqa ekan. Balki shu boisdandir, cho‘chqa go‘shti ko‘p iste’mol qiladigan xalqlarning erkaklari ayollarini qizg‘anmaydilar, bu masalada iffat va nomus nimaligini bilmaydigan dayuslarga aylanib qolganlar.

Tib olimlari cho‘chqa go‘shtida qon-tomir va yurak kasalliklarni tarqatuvchi moddalar borligini ham aniqlashdi. Yana boshqa ko‘pgina zararlari ham ayon bo‘ldi. Bu haqda hatto o‘zlari cho‘chqa go‘shtini iste’mol qiladigan xalqlarning vakillari, Qur’on va Islomdan bexabar kishilar ilmiy ishlar qildilar, alohida kitoblar ham yozdilar.

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh bo‘linglar! Albatta, menga Kitob va u bilan birga uning misli berilmishdir. Ogoh bo‘linglar! Hali, so‘risida o‘tirgan qorni katta odam, sizlar ushbu Qur’onni lozim tutinglar! Unda nimani halol topsangiz, halol bilinglar! Unda nimani harom topsangiz, harom bilinglar! deydi ham. Ogoh bo‘linglar! Sizlar uchun; xonaki eshaklar, barcha oziq tishli yirtqich va muohidning egasi behojat bo‘lmagan, yo‘qotib qo‘ygan narsasi halol bo‘lmas! Kim bir qavm huzuriga mehmon bo‘lib tushsa, uni ziyofat qilmoqlari lozim. Agar ziyofat qilmasalar, uning ziyofat mislicha narsani olishga haqqi bor”, dedilar”. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.

Muohid — musulmonlar ila ahdnoma tuzib yashayotgan g‘ayridin kishi. Ana o‘shandoq odamning yo‘qotib qo‘ygan narsasini topib olgan odam, bu g‘ayridinning narsasi ekan o‘zimniki qilib olsam bo‘laveradi, degan fikirga borishi mumkin emas.

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Xaybar kuni bizlarni xachirlar, eshaklardan qaytardilar, otlardan qaytarmadilar”. Abu Dovud va Muslim rivoyat qilgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida tipratikon zikr qilindi. Bas, u zot: “U ifloslardan bir iflosdir”, dedilar”. Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilgan.

Sharh: Bu hadisi sharifdan tipratikon ham harom ekanligi kelib chiqadi. Shuningdek, sichqon, kaltakesak, ilonlar va ularning toifasiga o‘xshash boshqa zararkunanda hayvonchalar ham haromdir.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bo‘ri haqida so‘raldi. Bas, u zot: “Yaxshiligi bor birorta bo‘rini yermidi!” dedilar”. Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan.

Bu hadisdan Bo‘rining haromligi kelib chiqadi.

“Ey, Allohning Rasuli, sizdan yer hayvonlari haqida so‘rab keldim, tulki haqida nima deysiz? deyildi.

U zot: “Tulkini kim ham yer edi”, dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.

Sharh: Bu hadisdan tulkining haromligi chiqadi.

Abu Voqid al-Laysiydan rivoyat qilinadi.

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida ular tuyalarning o‘rkachlarini yorar va qo‘ylarning dumbasini kesib olar edilar. Bas, u zot: “Tirik holdagi hayvondan kesib olingan narsa, o‘limtikdir”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Sharh: Ushbu rivoyatda johiliyatning yana bir jaholatini Islom dini qandoq muolaja qilgani haqida so‘z ketmoqda.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilib kelgan paytlarda u yerning ahli tirik tuyalarning o‘rkachlarini yorib, ichidagi moyni olib foydalanishir va shuningdek, tirik qo‘ylarning dumbalaridan kesib olib ishlatishar edilar. Ular hayvonlarga rahm-shafqat qilish nimaligini bilmas edilar.

Alloh taolo tomonidan olamlarga, jumladan, hayvonot olamiga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu holga chidab tura olmadilar va:

“Tirik holdagi hayvondan kesib olingan narsa, o‘limtikdir” deb e’lon qildilar.

Shundoq qilib, hayvonlarga mazkur turda azob berish barham topdi va tirik hayvondan kesib olingan bo‘lak o‘limtik qandoq harom bo‘lsa, shundoq harom qilindi.

Abu Sa’laba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam barcha oziq tishli yirtqichlarni yemoqdan nahiy qildilar”. Beshovlari rivoyat qilgan.

Sharh: Bu hadisi sharif avval o‘tgan hadislardan biridagi ma’noni ta’kidlamoqda. Yirtqich hayvonlar turli harom xarish narsalarni, xususan, o‘limtklarni va shunga o‘xshash zararli narsalarni yeydi. Shuning uchun o‘zlari ham o‘sha narsalarga o‘xshab iflos va zararli bo‘ladilar. Odamlarni mazkur zararlardan himoya qilish maqsadida yirtqich hayvonlarning go‘shtlari harom qilingan.

Eng asosiysi yirtqich hayvonning go‘shtini yegan odamga o‘sha hayvonning yirtqichlik sifati o‘tib qolishi turgan gap. Shuning uchun yirtqich hayvonlarning go‘shtlari harom qilingan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam barcha oziq tishli yirtqichlardan va tirnoqli qushlardan nahiy qildilar”. Muslim va Abu Dovud rivoyat qilgan.

Oziq tishli yirtqichlarga; sher, yo‘lbars, qoplon, bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, fil, maymun, ayiq kabi hayvonlar kirishini ulamolarimiz o‘z kitoblarida zikr etganlar.

Tirnoqli yirtqich qushlarga esa, burgut, lochin, qirg‘iy, tasqara kabi go‘sht yeydigan qushlar kiradi va ularning barchasi harom hisoblanadi.

Shuningdek, “Ularga nopok narsalarni harom qiladigan” (A’rof 157) ma’nosidagi oyatga binoan qurt-qumursqa, sichqon, ilon, chayon, suvarak, ari, qurbaqa, tipratikan, burga, pashsha, toshbaqa kabi nopok hayvonlarni yeyish harom hisoblanadi. Sirtlon va tulkilar ham yeyilmaydi.

Harom o‘lgan hayvon go‘shtiga taqiq

Xo‘sh, aslida qaysi hayvonlarning go‘shti harom? Islom dini bunga quyidagicha izoh beradi. Kasallikdan, bo‘g‘ilib, boshidan zarba yeb o‘lgan, baland joydan yiqilib parchalanib ketgan, yaralanib o‘lgan yoki boshqa yo‘llar orqali o‘ldirilgan hayvon go‘shti harom hisoblanadi.

Yovvoyi hayvonlar tomonidan o‘ldirilgan yoki g‘ajib tashlangan hayvonlar ham xuddi shu tarkibga kiradi. Ular ham harom o‘lgan bo‘lib, go‘shti nopok hisoblanadi. Alloh taolo “Moida” surasi 3-oyatida shunday marhamat qiladi:

“O‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan o‘zganing nomi aytib so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan o‘lgan va yirtqich hayvon (qisman) yegan (hayvonlar) sizlarga harom qilindi, illo (shar’an) so‘yganingiz (haloldir)”.

Ushbu oyati karimadan yana shu narsa ma’lum bo‘ladiki, oxirgi besh holatdagi hayvonlarning joni chiqmay turib, tipirchilab turgan paytida topib, “bismilloh”ni aytib so‘yishga ulgurilsa, ularning go‘shti halol hisoblanadi.

Shu o‘rinda kishida savol paydo bo‘lishi tabiiy. Harom o‘lgan hayvon go‘shtini yeyish nima sababdan taqiqlangan? Birinchidan, harom o‘lgan hayvonlarning jasadi odamning ko‘nglini aynitib, jirkanishni keltirib chiqaradi. Ikkinchidan, u inson salomatligi uchun zararli. Chunki, shar’iy yo‘l bilan va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda so‘yilmagan hayvon go‘shtida inson organizmi uchun zararli moddalar bo‘ladi. O‘z ajali bilan halok bo‘lgan bunday hayvonlarning o‘limiga aksariyat hollarda kasallik yoki zaharlanish sabab bo‘lgan bo‘ladi. Shu sababdan ham ularning go‘shtini iste’mol qilish odam salomatligini xavfga qo‘yishi ehtimoli katta.


Ushbu maqolani do'stlaringizga ham tarqating, ular ham o'qib chqishsin.
Имя:
Email:
Код: