Kun tarixi: Bid’atchi deb ayblangan Janna d’Ark o‘tda yoqilgan kun

Добавлено: 01 Июля 2020 Источник: xabardor.uz

Janna d’Ark taxminan 1412-yil Domremi qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1431-yil 30-mayda esa Ruanda yoqib yuborilgan.

• Janna d’Ark oddiy dehqon oilasida tug‘ilgan va yoshligidan taqvodor bo‘lib o‘sgan. Yuz yillik urush davrida ingliz bosqinchilariga qarshi fransuz xalqining umumxalq kurashiga rahbarlik qilib, urushda tubdan burilish yasalishiga sababchi bo‘lgan.

• 1429-yil fevralda erkakcha kiyingan va qurollangan Janna katta qiyinchiliklar bilan valiahd shahzoda Karl qabuliga kiradi va uni keskin harbiy harakatlarni boshlashga da’vat eta oladi.

• Yosh Jannaga fransuz qo‘shiniga qo‘mondonlik qilish topshirilganidan so‘ng, Janna d’Ark birin-ketin ajoyib g‘alabalarni qo‘lga kirita boshlaydi. Janna d’Ark qamaldagi Orleanni xalos qilgach, unga Orlean qizi nomini berishadi.

• Kompyen ostonalaridagi jangda Janna d’Ark inglizlarga ittifoqchi bo‘lgan burgundlar tomonidan asir olingan va Burgundiya gersogi uni inglizlarga sotib yuborgan.

• 1430-yil oxirlarida inglizlar Janna d’Arkni Ruan shahriga keltirib, cherkov sudiga topshirgan. Cherkov sudi uni dahriylik, bid’atchilik, jodugarlik va 70ga yaqin “gunohlar”da ayblagan. U uzoq vaqt aybni bo‘yniga olmaydi. Ammo ayblov xulosasini olib borgan yepiskop Pyer Kushon qizni aybni tan olishiga ayyorlik bilan erishadi. Jannani olovda yoqib yuborishlaridan avval, uni ingliz qamoqxonasidan cherkov qamoqxonasiga o‘tkazishga va agar u cherkovga bo‘ysunish hamda bid’atdan voz kechishi to‘g‘risidagi qog‘ozga imzo qo‘ysa, unga yaxshi g‘amxo‘rlik qilishga va’da berishadi. Biroq savodsiz qizga o‘qilgan narsalar uning barcha “xatolarini” butunlay tan olishi haqidagi matn bilan almashtiriladi va ushbu matnga Jannaga imzo qo‘ydirishadi.

• Yuqoridagi voqealardan keyin qizni eski qamoqxonaga yuborishgan hamda uni Ruanning markaziy maydonida yoqishgan. 1456-yilda esa uning aybsizligi to‘la isbotlangan. 1920-yilda esa u kannonizatsiya qilindi – katolik cherkovi uni avliyo deb tan oldi.

Inkvizitsiya – XIII asrda bid’atchilarga qarshi kurashish maqsadida tuzilgan katolik cherkovining sud-tergov tashkilotidan nafaqat Janna d’Ark balki, Nikolay Kopernik, Jordano Bruno, Galileo Galiley va boshqa bir qancha mashhur shaxslar ham aziyat chekishgan.

Guljahon Sanjarbekova tayyorladi

233

Оставить комментарий

Имя:
Email:
Код:
НАЗАД
ГЛАВНАЯ